Sunʼiy intellekt mavjud boʻlmagan yoʻl harakati qoidasi bandini oʻylab topishi mumkin: neyron tarmoq yordamida imtihonga qanday tayyorlanish kerak
Runet tahliliy nashrining bosh muharriri Vladimir Zykov ogohlantirdi: sunʼiy intellekt xato qilishi, turli mamlakatlar qoidalarini aralashtirib yuborishi va yoʻl harakati qoidalarida mavjud boʻlmagan bandlarga murojaat qilishi mumkin.

Zykovning fikricha, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha imtihonga tayyorlanishda neyron tarmoqqa toʻliq tayanib boʻlmaydi. Sunʼiy intellekt notoʻgʻri javobni ishonarli tarzda tushuntirib berishi mumkin, natijada oʻquvchi xatoni yodlab olib, uni amaldagi qoida deb qabul qiladi.
Buning sabablaridan biri — muhim farqlar mavjud boʻlsa-da, turli mamlakatlardagi yoʻl harakati qoidalarining bir-biriga oʻxshashligidir. AQShning ayrim shtatlarida toʻliq toʻxtagandan keyin, agar bunday manyovr alohida taqiqlanmagan boʻlsa, qizil chiroqda oʻngga burilishga ruxsat beriladi. Oʻzbekistonda esa ruxsat beruvchi signal boʻlmasa, bunday burilish taqiqlangan. Xorijiy materiallar asosida oʻqitilgan neyron tarmoq faqat Rossiya yoʻl harakati qoidalaridan foydalanishni soʻragandan keyin ham turli davlatlar meʼyorlarini adashtirib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, qoidalar vaqti-vaqti bilan yangilanadi, sunʼiy intellekt esa eskirgan maʼlumotlarga tayanishi mumkin. Neyron tarmoq qoidalarda mavjud boʻlmagan bandni ham oʻylab topishi, amaldagi meʼyorni xato bayon qilishi yoki mavjud boʻlmagan bandning aniq raqamini aytishi mumkin. Bu javob goʻyo rasmiy hujjat bilan tasdiqlangandek taassurot uygʻotadi.
Tayyorlanish uchun ekspert amaldagi imtihon biletlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, neyron tarmoq qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin: undan murakkab savolni sodda soʻzlar bilan tushuntirishni, vaziyatni tahlil qilishni yoki misollar keltirishni soʻrash mumkin.




