Oʻzbekistonda maishiy gaz ballonlarini toʻldirish qoidalariga aniqlik kiritildi
Oʻzbekistonda maishiy gaz ballonlarini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida toʻldirish taqiqlangan. 2027-yil 5-fevraldan boshlab buning uchun maʼmuriy javobgarlik qoʻllanila boshlaydi. Ballonlarni tegishli ruxsatnomalarga ega ixtisoslashtirilgan gaz toʻldirish stansiyalari va punktlarida toʻldirishga ruxsat etiladi.

Ballonlarni avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida toʻldirish taqiqi yongʻin xavfsizligi qoidalari bilan belgilangan. Shu bilan birga, aholi uchun ballonlarni toʻldirish cheklanmaydi: bu ishni tegishli ruxsatnomalarga ega ixtisoslashtirilgan gaz toʻldirish stansiyalari va punktlarida amalga oshirish mumkin.
Oʻzbekistonda 360 dan ortiq mustaqil gaz toʻldirish stansiyalari va punktlari faoliyat yuritmoqda. Aholi uchun ballonlarni toʻldirishni qulaylashtirish maqsadida faoliyat koʻrsatayotgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari hududida xavfsizlik talablariga javob beradigan alohida postlar tashkil etish taklif qilindi.




