Hogvartsga qaytish: HBO «Garri Potter» serialining ilk sahnasini namoyish etdi
HBO «Garri Potter» serialidan bir yarim daqiqalik lavhani eʼlon qildi. Unda Hogvartsdagi Katta zalda bayramona kechki ovqat tasvirlangan: oʻquvchilar Dambldor bilan salomlashadi, direktor esa barmoqlarini qarsillatib, dasturxonlarni taomlarga toʻldiradi.

Lavhada «Garri Potter va falsafa toshi» kitobida uchramaydigan dialog bor. Dambldor hazil tariqasida Makgonagall Garri Griffindorga tushganidan xursand boʻlsa kerakligini aytadi. Professor esa bolaning otasi Jeymsga juda oʻxshashini taʼkidlaydi. Dambldor bunga eʼtiroz bildirib, tashqi koʻrinish aldamchi boʻlishi, Garrining esa oʻziga xos feʼl-atvori borligini aytadi.
Serial ustida «Merosxoʻrlar» seriali bilan tanilgan Franseska Gardiner hamda «Evani oʻldirish» seriali ssenariynavisi Laura Nil ishlamoqda. Ijodkorlar loyiha koʻlami jihatidan «Taxtlar oʻyini» va «Ajdarlar uyi»dan qolishmasligini vaʼda qilmoqda.
Serialning birinchi mavsumi HBO va HBO Max platformalarida 2026-yil 25-dekabrda chiqadi.




