Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
MB kursiUSD 12 004,48EUR 13 155,71RUB 146,56Shanba, 21-noyabr 2026-yil
Sport

Xotini strimerning «matbuot anjumani»ni buzdi, «Everton» esa unga haqiqiy

«Everton» uydirma matbuot anjumani aks etgan videosi internetda tarqalgach, strimer va uning rafiqasini taklif qildi. Klubda u jurnalistlar qarshisida chiqish qildi, Jeyms Tarkovski esa u bilan salomlashdi.

20-noyabr, 03:57
sports.ru

The Fat Centre Back strimeri Football Manager oʻyinida «Everton» murabbiyi roliga shu qadar kirishib ketdiki, uyida uydirma matbuot anjumani uyushtirdi. Toʻgʻri, unga keskin savollarni jurnalistlar emas, oʻz rafiqasi berdi. Ularning bahsi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi va «Everton» juftlikni klubga taklif qildi.

Rafiqasi toʻgʻridan-toʻgʻri efir paytida xonaga kirib keldi. U eriga xayoliy suhbatdoshlarining oldiga qaytishni maslahat berdi. «Murabbiy» esa eʼtiroz bildirdi: qanday xayoliy suhbatdoshlar, axir bu yerda uning butun jamoasi bor.

Xotini taslim boʻlmadi. U eriga 37 yoshdaligini, ikki farzandi borligini, yotoqxonada oʻtirib, futbol klubini boshqarayotgandek koʻrinishga urinayotganini eslatdi. Strimer bularning hammasini yonida goʻyoki oʻtirgan Jeyms Tarkovskiga aytishni taklif qildi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Uyda ekani haqidagi gaplarga bloger stadionda turganini aytib javob berdi. Uning soʻzlariga koʻra, xotini qahvani stadion bufetidan olib kelgan, bolalari esa futbolchilarni koʻrish uchun kelgan. Shundan soʻng u xotinidan chiqib ketishni va matbuot anjumaniga xalaqit bermaslikni soʻradi.

Katta ehtimol bilan, bu haqiqiy oilaviy mojaro emas, komedik sahna koʻrinishi boʻlgan. Strimerning rafiqasi Doris uning videolarida muntazam ravishda erining murabbiylik xayollarini barbod qiladigan hushyor aql ovozi rolida namoyon boʻladi. Keyingi «matbuot anjumani»da blogerning orqasida #dorisout xeshtegi osilib turgan edi.

Obunachilar murabbiy jamoa ustidan nazoratni yoʻqotgani haqida hazillashishdi. Strimerning oʻzi esa muxlislar klub ichida nimalar boʻlayotganini bilishga haqli ekanini taʼkidladi.

«Everton» virusli videoga oʻziga xos javob berdi: strimerni klubning haqiqiy matbuot markaziga taklif qilib, unga oʻzini chinakam bosh murabbiydek his qilish imkonini berdi. Matbuot anjumani qizgʻin pallaga kirganida, jamoa sardori Tarkovski zalga kirib, u bilan salomlashdi: «Xayrli tong, boshliq!»

Strimer klub bazasiga rafiqasi bilan birga keldi, demak, oilaviy mojaro, aftidan, hal boʻlgan.