YI va Buyuk Britaniya munosabatlarni qayta yoʻlga qoʻyish yoʻlidagi qadamlarni kelishib oladi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornhem Bryusselda Ursula fon der Lyayen va Antoniu Koshta bilan uchrashadi. Sammitda savdo, emissiyalar va yoshlar mobilligi boʻyicha kelishuvlar kutilmoqda, deb yozadi Al Jazeera.

Juma kuni boʻlib oʻtadigan uchrashuv Buyuk Britaniya 2020 yilda Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan keyingi ikki tomon yetakchilarining ikkinchi sammiti boʻladi. U London va Bryussel oʻrtasidagi munosabatlarni qayta yoʻlga qoʻyishni boshlash imkoniyati sifatida koʻrilmoqda.
Asosiy kelishuv hayvonlar, oʻsimliklar va ular bilan bogʻliq mahsulotlarning transchegaraviy savdosini soddalashtirish boʻlishi mumkin. Buyuk Britaniya amaldagi tekshiruvlarning bekor qilinishi mamlakatga yiliga 5,1 mlrd funt daromad keltirishi mumkinligini baholamoqda. Tomonlar, shuningdek, poʻlat kabi mahsulotlarni chegaradagi uglerod yigʻimlaridan oʻzaro ozod qilishi mumkin.
Yoshlar mobilligi boʻyicha ham kelishuv kutilmoqda: YI fuqarolarining 100 000 nafargachasi Buyuk Britaniyada uch yilgacha yashashi va ishlashi, britaniyaliklar esa Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida xuddi shunday imkoniyatlarga ega boʻladi. Bryussel YI mamlakatlaridan kelgan talabalar uchun Buyuk Britaniya oliygohlarida mahalliy aholi uchun belgilangan shartlarda toʻlov joriy etilishini talab qilmoqda, biroq London hozircha faqat “sezilarli darajada pasaytirilgan” tariflarga rozi.
Buyuk Britaniya, shuningdek, YIning “Made in Europe” qoidalarida ishtirok etmoqchi. Bryussel bunga Britaniya tomoni uning siyosatini qabul qilishi sharti bilan yoʻl qoʻyishi mumkin. Byornhem avvalroq mamlakat Brexit tufayli qoʻlga kiritganidan koʻra koʻproq narsani yoʻqotganini aytgan.




