Curiosity 13 yillik kuzatuvlarda Marsda ehtimoliy suv plyonkalari belgilarini topdi
Curiosityʼning 2012–2025-yillardagi maʼlumotlari atmosfera CO₂si va tuproq yoki yupqa plyonkalardagi suv oʻrtasida ehtimoliy kislorod almashinuvini koʻrsatdi. Suyuq suv topilmadi.

Tadqiqot Gale krateridagi oʻlchovlarga asoslangan: SAM majmuasi gazlar va namunalar kimyoviy tarkibini tahlil qilgan. Olimlar TLS lazer spektrometrining 34 kampaniyasi va QMS mass-spektrometrining 38 oʻlchovini oʻrgangan. Asosiy xulosa TLS maʼlumotlariga tayanadi, chunki QMSga qurilma ichidagi signallar va xususiyatlari oʻzgarishi kuchliroq taʼsir qilgan boʻlishi mumkin.
CO₂dagi kislorod-18 ulushi har ikki yarimsharda bahor va yozda, ayniqsa Mars perigeliyga yaqinlashgan Janubiy yarimsharda oshgan. Kunduzgi va tungi oʻlchovlar oʻrtasida farq topilmagan.
Modellar CO₂ning mavsumiy muzlashi va bugʻlanishi, tuproq bilan almashinuvi, fotoliz hamda gazning qutblardan koʻchishini alohida holda bu manzarani tushuntira olmasligini koʻrsatgan. CO₂ suv bilan past haroratlarda ham almashinishi mumkin: muz yoki tuproq zarrachalarida yupqa suyuq qatlamlar paydo boʻlsa, tuzlar esa muzlash haroratini pasaytirishi mumkin.
Mualliflar suyuq suv topilganini yoki bunday plyonkalar butun sayyoraga tarqalganini daʼvo qilmaydi. Maʼlumotlar bitta nuqtada olingani sababli mahalliy, mintaqaviy va sayyoraviy jarayonlarni ajratib boʻlmaydi. Curiosityʼning keyingi kuzatuvlari va boshqa hududlardagi atmosfera tadqiqotlari gipotezani tekshirishi kerak.




