Oʻzbekiston va Global Olive Corporation mamlakatda zaytun yetishtirishni rivojlantirmoqda
Oʻzbekiston va Global Olive Corporation zaytun yetishtirish va uni qayta ishlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Yoʻnalishlar qatoridan koʻchatlar yetkazib berish, agrotexnik koʻmak va mutaxassislar tayyorlash oʻrin olgan.

Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Global Olive Corporation bosh direktori Georgiy Svanidze bilan uchrashdi. Tomonlar zaytunchilikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, qoʻshma loyihani yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.
Ustuvor yoʻnalishlardan biri zaytun yetishtirishdan tortib uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq ishlab chiqarish zanjirini yaratish ekani taʼkidlandi. Ishtirokchilar, shuningdek, zaytun moyi ishlab chiqarish infratuzilmasi, sifat nazorati hamda xalqaro eksport bozorlariga chiqish masalalarini koʻrib chiqdi.
Kadrlar tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, tomonlar yosh agronomlar va xorijiy mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ekinlarni yetishtirishning ilmiy asoslangan usullarini muhokama qildi.




