Fitch Oʻzbekiston bank sektoridagi islohotlar jadallashganini qayd etdi
Fitch Oʻzbekiston bank sektoridagi islohotlar jadallashib, oʻrta muddatli istiqbollar yaxshilanganini qayd etdi, biroq aktivlar sifati bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolayotganini bildirdi, deb yozadi Interfax.

Agentlik bank sektorining operatsion muhitiga berilgan bahoni «b» dan «b+» gacha oshirdi va shu bilan birga prognozni «ijobiy»dan «barqaror»ga oʻzgartirdi. Taraqqiyot, ayniqsa, bank nazoratida yaqqol koʻzga tashlanmoqda, biroq aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YaIMning pastligi va operatsion xatarlar hanuz cheklovchi omillar boʻlib qolmoqda.
Yirik banklarni xususiylashtirish jarayoni choʻzilishi mumkin. «Oʻzbekiston-2030» strategiyasida 2027-yildan boshlab 2030-yil oxirigacha beshta bankni sotish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, Fitch muddatlar keyinga surilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Aktivlar sifati davlat banklarining zaif jihati boʻlib qolmoqda. SQB va Asakabank kreditlar tasnifini qatʼiylashtirdi, natijada 2025-yilda hisobotlarda aks ettirilgan qadrsizlanishlar oshdi.
Fitch bahosiga koʻra, 2026-yilning birinchi yarmi oxiriga kelib valyutadagi kreditlar ulushi 39 foizgacha, valyutadagi depozitlar ulushi esa 19 foizgacha qisqardi. Biroq qarz oluvchilarda valyuta xatarlaridan himoyalanish uchun hanuz yetarli vositalar yoʻq.
2026-yilning birinchi yarmida bank sektori depozitlari yillik hisobda 27 foizga oshdi. Bu kreditlarning depozitlarga nisbatini 2021-yil oxiridagi 209 foizdan 136 foizgacha pasaytirishga yordam berdi. Koʻrsatkich yaxshilanganiga qaramay, davlat banklari hanuz davlat va tashqi moliyalashtirishga bogʻliq.




