Microsoft servislaridagi uzilishlar minglab foydalanuvchilarni Outlook, Teams va Copilotʼdan foydalana olmaydigan qildi
12 noyabr kuni turli hududlardagi foydalanuvchilar Outlook, Teams, Copilot va Microsoft 365 servislarida uzilishlarga duch keldi. Kompaniya muammoni tekshirmoqda va servislar ishini tiklamoqda.

Nosozliklar 12 noyabr kuni boshlandi va bir soat ichida 74 ta mamlakat va hududga tarqaldi. Foydalanuvchilar xat yubora va qabul qila olmadi, pochta qutilarini ocha olmadi hamda ish ilovalaridan foydalana olmadi.
Downdetector maʼlumotlariga koʻra, AQShda Outlook boʻyicha murojaatlar soni eng yuqori paytda qariyb 130 mingtaga yetdi. Kechga kelib ularning soni sezilarli darajada kamaydi.
Microsoft uzilishga serverlarga tushgan yuklamaning oshishi sabab boʻlganini bildirdi. Kompaniya yangilanishlarni vaqtincha toʻxtatdi, trafikni qayta taqsimlash va uskunalarni qayta ishga tushirishni boshladi. Kiberhujum alomatlari aniqlanmadi.
13 noyabr tongiga kelib servislar ishi barqarorlasha boshladi, biroq nosozliklarni bartaraf etish ishlari hali ham davom etayotgan edi.




