Asl «Yulduzlar jangi» filmi namoyishi 50 yillik munosabati bilan immersiv formatda oʻtkaziladi
2027-yil mart oyida Jorj Lukas filmi Disney bilan hamkorlik doirasida Cosmʼning ulkan gumbazsimon ekranlarida namoyish etiladi.

Cosm kompaniyasi The Walt Disney Company bilan koʻp yillik hamkorlikni eʼlon qildi. Hamkorlik doirasida «Yulduzlar jangi»ning asl filmi maxsus immersiv formatda namoyish etiladi. Seanslar 2027-yil mart oyida — may oyida nishonlanadigan filmning 50 yilligi arafasida boshlanadi.
Film diametri taxminan 26 metr boʻlgan, 12K aniqlikdagi gumbazsimon ekranlarda namoyish etiladi. Tasvir Tatuin va Yavin IV sayyoralari, Oʻlim yulduzi hamda ushbu olamning boshqa unsurlarini qayta yaratuvchi vizual effektlar bilan toʻldiriladi. Tomoshabinlar, shuningdek, yorugʻlikdan yuqori tezlikda sayohat qilish effektini his etishlari mumkin boʻladi.
Bezaklar va ovoz joʻrligini Lucasfilm, Industrial Light & Magic hamda MakeMake studiyasi tayyorlamoqda. Namoyishning noodatiy formatidan tashqari, tashrif buyuruvchilarga mavzuga mos menyu ham taklif etiladi.
Bu Cosm kompaniyasining Gollivud studiyalari bilan oltinchi hamkorligidir. Avvalroq kompaniya «Matrisa», «Uilli Vonka va shokolad fabrikasi», «Garri Potter va falsafa toshi» hamda boshqa filmlarning maxsus namoyishlarini tashkil qilgan. 2026-yil dekabr oyida uning dasturiga «Shrek» ham kiritiladi.




