WB Taxi ustun mavqega ega operator deb topildi
Oʻzbekiston Raqobat qoʻmitasi «WB Taxi» MChJni taksi buyurtma qilish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb topdi. Kompaniyada antimonopol komplayens tizimi joriy etiladi.

Qaror Raqobat qoʻmitasining buyrugʻi asosida qabul qilindi. U yoʻlovchi tashish buyurtmalarini joylashtirish va taksi xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha vositachilik xizmatlari bozoriga taalluqli.
Mazkur maqom olinishi munosabati bilan WB Taxi faoliyatida antimonopol komplayens tizimi majburiy tartibda joriy etiladi. Bu tizim raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boʻlib, ustun mavqeni suiisteʼmol qilishning oldini olishga xizmat qilishi kerak.
Shu bilan birga, ustun mavqega ega deb topilishning oʻzi antimonopol qonunchilik buzilganini anglatmaydi. Idora raqamli platforma operatori faoliyatini ham monitoring qilib boradi.




