Hindiston tarixidagi eng yirik IPO mamlakatda oʻta arzon internet davriga chek qoʻyishi mumkin
Jio kompaniyasi, katta ehtimol bilan, endi demping qila olmaydi va foydani oshirishga agressiv kirishadi

Investorlar qatorida Meta va Google ham bor Jio kompaniyasi 2016-yilda Hindiston telekommunikatsiya bozorida inqilob qildi. Gigabaytlar narxini keskin tushirib, u 17 operatorning 14 tasini bozordan chiqib ketishga majbur qildi. Natijada bozorda faqat uchta yirik oʻyinchi qoldi, Jio esa 553 million abonentdan iborat ulkan auditoriyani toʻpladi. Bugungi kunda Jio Hindistondagi mobil internet-trafikning 60 foizini nazorat qiladi va Xitoydan tashqaridagi eng yirik 5G foydalanuvchilari bazasiga ega.
Mutaxassislar Jio birjaga chiqqach, sunʼiy ravishda pasaytirilgan narxlarni endi ushlab tura olmaydi, degan fikrda. Ommaviy kompaniya sifatida u aksiyadorlarga bir foydalanuvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha daromad (ARPU) oʻsishini koʻrsatishi kerak boʻladi.
Oʻz navbatida, Jioning agressiv narx dempingidan voz kechishi raqiblarining ham qoʻlini boʻshatadi: bu ularga tariflarni oshirish va moliyaviy ahvolini yaxshilash imkonini beradi.
Xususiy va institutsional investorlar uchun bu afsonaviy voqea: Reliance Industries konglomerati yigirma yildan ortiq vaqt davomida oʻzining «shoʻba» kompaniyalarini IPO orqali birjaga chiqarmagan, bosh kompaniya aksiyalarining tarixiy daromadliligi esa 30 yil davomida yiliga qariyb 30 foizni tashkil etgan.
Hindistonlik foydalanuvchilar aloqa uchun toʻlovlar oshishiga tayyorlanishiga toʻgʻri keladi. Biroq investorlar butun Hindiston iqtisodiyotining amalda «raqamli dvigateli» boʻlgan kompaniyaga sarmoya kiritish uchun noyob imkoniyatga ega boʻladi.


