Amerika kompaniyasi oʻzbekistonliklarni AQSh fermalarida ishlashga jalb qilmoqchi
Oʻzbekiston Migratsiya agentligi Head Honchos vakillari bilan fuqarolarni qishloq xoʻjaligida mavsumiy ishlashga tayyorlash dasturini muhokama qildi.
Oʻzbekiston Migratsiya agentligi va Head Honchos kompaniyasi oʻzbekistonliklarni Amerika fermalarida mavsumiy ishlashga tayyorlash boʻyicha kelishib oldi.
Dastur 12 haftalik kursni oʻz ichiga oladi. Unda ingliz tili, qishloq xoʻjaligi texnikasini boshqarish, uskunalarni taʼmirlash, payvandlash va mehnatni muhofaza qilish oʻrgatiladi. Ish beruvchilar oʻquv dasturini ishlab chiqish va nomzodlarni sinovdan oʻtkazishda ishtirok etadi.
Ishtirokchilarni saralash fermerlardan arizalar olingach va mezonlar tasdiqlangach boshlanadi. Migratsiya agentligi arizalarni topshirish tartibini keyinroq maʼlum qiladi.
