Shaxmat toji uchun matchda Sindorov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi
Javohir Sindorov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun matchning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

Jenevadagi partiya qariyb besh soat davom etdi. Gukesh qora donalarda oʻynadi va debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi: tayyorgarligi tufayli Sindorovning yurishlariga tezkor javob qaytardi. 15-yurishdan soʻng hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.
Birinchi vaqt nazoratidan oldin Sindorov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning ixtiyorida atigi sakkiz soniya qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topib, bevosita xavfni bartaraf etdi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.
Ruhlar almashilgach, doskada qarama-qarshi rangdagi fillar qoldi, bu esa gʻalaba qozonish imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh ustunlikni kuchaytirish yoʻllarini izlashda davom etdi, ammo Sindorov muvozanatni saqlab qoldi va shoh yurishlari takrorlangach, raqiblar durangga kelishib oldi.
Keyingi partiya 28 noyabrda boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Match 14 ta partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqichdan soʻng hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.




