Tramp AQSh uchun Nvidia kompaniyasidan ulush sotib olishga hali kech boʻlmagan boʻlishi mumkinligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika hukumati Nvidia kompaniyasidan ulush sotib olish masalasini koʻrib chiqqanini, biroq hozircha bu taklifni ilgari surmaganini aytdi.

Tramp chiplar ishlab chiqaruvchi kompaniyadan ulush sotib olish gʻoyasi xayoliga kelganini aytib, «Ehtimol, hali kech emas», deya qoʻshimcha qildi. U ehtimoliy investitsiya miqdori va uning shartlarini maʼlum qilmadi.
Bu bayonot Jensen Huang Nvidia kompaniyasining bosh direktori lavozimiga qaytganidan keyin yangradi. Tramp bu qarorni qoʻllab-quvvatlaganini va kompaniya direktorlar kengashi bilan shaxsan gaplashganini aytmoqda. Huang dushanba kuni, lavozimidan ketganidan ikki haftadan kam vaqt oʻtib, kompaniya rahbariyatiga qaytdi.
Nvidiaʼga sarmoya kiritish gʻoyasi AQSh maʼmuriyatining texnologik va strategik sohalardagi boshqa qadamlariga oʻxshaydi. 2025-yil avgustida hukumat Intel kompaniyasiga $8,9 mlrd investitsiya kiritish va buning evaziga aksiyalarning qariyb 10 foizini olish boʻyicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, rasmiylar Yaponiyaning Nippon Steel kompaniyasi US Steelʼni sotib olishi maʼqullanganida, US Steelʼning «oltin aksiya»siga ega boʻldi, MP Materials, Lithium Americas va Trilogy Metals kompaniyalariga sarmoya kiritdi hamda Westinghouse bilan strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.




