Kuchli shamol daraxtlarni qulatib, Samarqand viloyatida elektr taʼminotida uzilishlarga sabab boʻldi
19 noyabr kuni kuchli shamol Samarqand shahri, Bulungʻur va Tayloq tumanlaridagi daraxtlar hamda elektr tarmoqlariga zarar yetkazdi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Jabrlanganlar yoʻq.

Samarqand viloyatida kuchli shamol 18:15 dan 20:40 gacha kuzatildi. Bir necha joyda daraxt shoxlari sinib, piyodalar va transport harakatiga xalaqit berdi. Samarqand shahridagi Ali Qushchi koʻchasida daraxt egilib, avtomobil ustiga qulab tushdi.
Qutqaruvchilar daraxt va shoxlarni olib tashlash hamda hududlarni xavfsiz holatga keltirish uchun hodisa joylariga chiqdi. Aholiga ham zarur yordam koʻrsatilmoqda.
«Hududiy elektr tarmoqlari» Samarqand filialining maʼlumotlariga koʻra, qulagan shoxlar elektr uzatish liniyalariga zarar yetkazib, viloyatning ayrim hududlarida elektr taʼminotida uzilishlarga sabab boʻlgan.




