General Motors bosh direktor Meri Barrani almashtirishga tayyorlanmoqda
General Motors bosh direktor Meri Barraning oʻrniga nomzodlarni izlash uchun tashqi kompaniyani yolladi, biroq uning lavozimdan ketish muddati eʼlon qilinmagan.

Wall Street Journal maʼlumotiga koʻra, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya 2014-yildan beri General Motorsʼni boshqarib kelayotgan Barraning vorisini izlamoqda. Kompaniya hozircha uning lavozimni qachon tark etishi mumkinligini rasman maʼlum qilmagan.
Barra General Motors tarixida lavozimida eng uzoq faoliyat yuritgan rahbarlar orasida ikkinchi oʻrinda turadi va global avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaga rahbarlik qilgan ilk ayoldir. U kompaniyani 12 yildan beri boshqarmoqda — bu S&P 500 indeksidagi kompaniyalar bosh direktorlarining oʻrtacha faoliyat muddatidan qariyb ikki baravar uzoq.
Tashqi nomzodlarni izlash General Motors rahbarlarni oʻz xodimlari orasidan tayinlab kelgan koʻp yillik amaliyot fonida kechmoqda. Ehtimoliy nomzodlar qatorida moliyaviy direktor Pol Jeykobson, mahsulot yoʻnalishi rahbari Sterling Anderson hamda kompaniyada 40 yil ishlagan va bir necha yil Barraning oʻrinbosari boʻlgan Mark Royss bor.
Barra General Motorsʼga kompaniya 2009-yilgi bankrotlikdan keyin hali tiklanayotgan paytda rahbarlik qila boshlagan. Uning rahbarligi davrida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya oʻn yil avvalgi davrga nisbatan avtomobil savdosini qisqartirdi, biroq pikaplar va boshqa yuk avtomobillari kabi yuqori marjali modellar hisobiga foydasini oshirdi. Barra sentyabr oyida Fortune nashriga kompaniya rivojiga hissa qoʻshishda hali ham davom eta olishini aytdi.




