Rayan Reynolds va Hyu Jekman «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmida paydo boʻlishi mumkin
Marvel aktyorlarining noodatiy ssenariy kreditlari ularning Dedpul va Rosomaxa rollariga ehtimoliy qaytishi haqidagi taxminlarga sabab boʻldi.

Rayan Reynolds va Hyu Jekman «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» (Avengers: Doomsday) filmida paydo boʻlishi mumkin. Muhokamalarga AQSh Ssenariynavislar gildiyasi (WGA) maʼlumotlari sabab boʻldi. Unga koʻra, har ikki aktyor loyiha kreditlarida ekranda ijro etish uchun moʻljallanmagan qoʻshimcha ssenariy materiali toifasida koʻrsatilgan.
Reynolds avval bosh rollarni ham ijro etgan «Dedpul 2» va «Dedpul va Rosomaxa» filmlari ssenariylarini yozishda ishtirok etgan. Rosomaxa obrazi bilan tanilgan Jekman esa ilgari bunday ssenariy kreditlariga ega boʻlmagan. Biroq bunday qaydning oʻzi uning suratga olish jarayonidagi ishtirokini tasdiqlamaydi.
Filmda 20th Century Fox tomonidan ilgari suratga olingan «X-Men» filmlaridagi bir nechta qahramonlarning qaytishi ham kutilmoqda. Ular orasida Patrik Styuart ijrosidagi Professor X, Magneto (Ian MakKellen) va Siklop (Jeyms Marsden) bor.
«Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmining premyerasi 2026-yil 18-dekabrga rejalashtirilgan.




