XVJ sunʼiy intellektga qaramlik jahon iqtisodiyotiga xavf tugʻdirishi mumkinligidan ogohlantirdi
XVJ rahbari Kristalina Georgieva jahon iqtisodiyotining sunʼiy intellektga qaramligi moliyaviy barqarorlikka tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning baholashicha, sohadagi «aylanma moliyalashtirish» deb ataladigan mablagʻlar hajmi 1 trln dollardan oshgan.

Georgievaning taʼkidlashicha, investorlar ishonchining toʻsatdan pasayishi va sunʼiy intellekt sohasidan chiqib ketish iqtisodiy oʻsishni zaiflashtirishi mumkin. U Filippinda boʻlib oʻtgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi sammiti doirasida CNBC telekanaliga intervyu berdi.
XVJ aylanma moliyalashtirish deganda sunʼiy intellekt bilan shugʻullanuvchi kompaniyaga kiritilgan mablagʻlar uning mahsulotlariga beriladigan buyurtmalar orqali investorga qaytadigan sxemalarni nazarda tutadi. Georgievaning soʻzlariga koʻra, bunday moliyalashtirish hajmi 1 trln dollardan biroz koʻproqni tashkil etadi, uning qariyb uchdan ikki qismi esa qarz mablagʻlariga toʻgʻri keladi. Georgieva bu koʻlamni ulkan deb boʻlmasligini aytib, ayni paytda uning tez surʼatlarda oʻsayotganini taʼkidladi.
Bunday bitimlarning markazida Nvidia turadi. Soʻnggi bir oy ichida kompaniyaning bozor kapitallashuvi 1 trln dollardan koʻproqqa qisqardi. UBS tahlilchisi Tim Arkyurining fikricha, Nvidia tomonidan moliyalashtirishning qisqartirilishi tizimdan 50 mlrd dollar yoki undan koʻproq mablagʻ chiqib ketishiga olib kelishi mumkin.
Georgievaning soʻzlariga koʻra, sunʼiy intellektga kiritilayotgan investitsiyalar jahon iqtisodiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylandi, savdo va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Biroq investorlarning kutishlari texnologiyaning isbotlangan natijalaridan ilgarilab ketgan, shu bois bozorlarga korreksiyalar kerak boʻlishi mumkin.
XVJ oktabr oyida sunʼiy intellekt yuqori kutilmalarni oqlamasa, turli bozorlarda tartibsiz korreksiya yuz berishi xavfi haqida ogohlantirgandi. Georgieva yaqindagi tebranishlarni tartibli deb atab, hushyorlikni saqlashga chaqirdi.




