Komlichenko Toshkentdagi dublidan soʻng sovgʻa sifatida oʻzbek pomidorlarini oldi
Toshkentda Oʻzbekiston bilan oʻrtoqlik uchrashuvidan soʻng «Lokomotiv» va Rossiya terma jamoasi hujumchisi Nikolay Komlichenkoga bir paket oʻzbek pomidori topshirildi. U bu oʻyinda dubl qayd etdi.

Futbolchiga sovgʻani Okko studiyasi boshlovchisi Pavel Chepurin toʻgʻridan-toʻgʻri efirda topshirdi. Ogʻirligi 1 kg 7 g boʻlgan paket 25 ming soʻmga (taxminan 170 rubl) tushgan.
«Biroz arzon ekan. Oʻn baravar arzon!» — deya munosabat bildirdi Komlichenko.
Bu sovgʻa 2024-yil dekabridagi voqeaga ishora qiladi. Oʻshanda «Rostov» safida oʻynagan hujumchi jurnalistlarga Rossiyada oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshganidan shikoyat qilgandi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻzbek pomidorlarining bir kilogrammi 1000 rublgacha turgan. Komlichenko bu pomidorlarni juda yaxshi koʻrishini, biroq narxi sababli ularni faqat ikki haftada bir marta sotib olishini aytgandi.
Rossiya terma jamoasi Oʻzbekistonni 3:2 hisobida magʻlub etdi, garchi uchrashuv davomida 0:2 hisobida ortda borayotgan boʻlsa ham. 5-daqiqada Viktor Melexin toʻpni oʻz darvozasiga burib yubordi, ikkinchi boʻlim boshida Behruz Karimov hisobdagi farqni oshirdi.
66-daqiqada Valeriy Karpin toʻrtta almashtirishni amalga oshirdi, Komlichenko Konstantin Tyukavin oʻrniga maydonga tushdi. 70-daqiqada u hisobdagi farqni qisqartirdi, 75-daqiqada esa hisobni tenglashtirdi. Gʻalaba golini 79-daqiqada Aleksey Miranchuk urdi.
Komlichenkoning soʻzlariga koʻra, Karpin maydonga tushish oldidan zaxira futbolchilariga hujumni jonlantirish va tajovuzkorlikni oshirish vazifasini qoʻygan.
31 yoshli hujumchi uchun bu Rossiya terma jamoasidagi 11-oʻyin boʻldi. Bungacha u milliy jamoa safida bir marta — 2019-yil noyabrida San-Marino bilan oʻyinda (5:0) gol urgan.




