COP31da yashil energetika va elektr transportiga mablagʻ jalb etish masalasi muhokama qilindi
Antaliyadagi COP31 tadbirlarida amaliy hamkorlik namunasi sifatida sanoat korxonasining ishlab chiqarish liniyasini modernizatsiya qilish uchun 13 million yevro ajratilgani qayd etildi.

Shuningdek, toʻqimachilik sohasida energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish uchun moliyaviy mexanizmlar ham muhokama qilindi.
Konferensiyaning ikkinchi kunida xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor vakillari energiya samaradorligi, elektr transporti hamda ekologik logistika masalalarini koʻrib chiqdi. Barqaror harakatchanlikni moliyalashtirishga bagʻishlangan munozarada elektromobillar bozorini kengaytirish, quvvatlash tarmoqlarini rivojlantirish va transport sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb etish haqida soʻz yuritildi.
Ishtirokchilar ekologik transportga oʻtish akkumulyator texnologiyalari, raqamli xizmatlar va moslashuvchan moliyaviy vositalarni bir vaqtning oʻzida rivojlantirishni talab qilishini taʼkidladi. Sanoat quvvatlarini modernizatsiya qilish, energiya isteʼmolini kamaytirish va past uglerodli loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Barqaror transport va logistika sessiyasida kichik va oʻrta biznesning ekologik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, energiya tejamkor transport vositalaridan kengroq foydalanish hamda yuk tashishda uglerod chiqindilarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi. Ekspertlarning fikricha, yashil transformatsiyani jadallashtirish uchun moliyalashtirishdan tashqari zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahatlar va xalqaro tajriba almashinuvi ham zarur.




