Oʻzbekiston va Turkiya turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Istanbulda Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akkulov turkiyalik hamkorlar bilan aviaqatnovlar va Oʻzbekiston targʻibotini muhokama qildi. Tomonlar dastlabki kelishuvlarga erishdi.

Abdulaziz Akkulov World Halal Summit Council, Pegasus Airlines va Istanbul savdo palatasi rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Ishtirokchilar Oʻzbekistonni xalqaro ziyorat va Muslim-friendly turizm yoʻnalishi sifatida targʻib qilishni muhokama qildi.
World Halal Summit Council vakillari 2027 yilda Oʻzbekistonda xalqaro World Halal Summit sammiti va uning doirasidagi forumlarni oʻtkazish masalasini koʻrib chiqdi. Bundan tashqari, xalqaro jurnal nashr etish hamda Buxoro va boshqa shaharlarda yirik tadbirlar oʻtkazish haqida soʻz bordi.
Pegasus Airlines bilan qoʻshma reklama kampaniyasi boʻyicha kelishuvni tayyorlash yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi. Kampaniya sayyohlarni Oʻzbekistonning besh shahriga amalga oshiriladigan reyslarga jalb etishi kerak. Shuningdek, tomonlar mamlakatning turistik salohiyatini aviakompaniya faoliyat yuritadigan, mahalliy tashuvchilar hozircha Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni amalga oshirmayotgan yoʻnalishlarda birgalikda targʻib qilish niyatida.
Pegasus Airlines Istanbuldagi Sabiha Gokchen nomidagi aeroport orqali 58 mamlakatdagi 100 dan ortiq yoʻnalishni bogʻlaydi. Muzokaralarda hamkorlikka oʻzbekistonlik turoperatorlarni jalb etish, marketing kampaniyalari va biznes uchrashuvlarini oʻtkazish, shuningdek, aviakompaniya taqdimoti hamda tanishtiruv safarlarini tashkil etish taklif qilindi.
Istanbul savdo palatasida ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Dastlab tomonlar Turkiyaning xalqaro mehmonxona brendlarining Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishiga koʻmaklashish hamda Convention Bureau ishtirokida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish boʻyicha kelishib oldi.
Turkiyalik vakillar Toshkentga «Ipak yoʻlida turizm» Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumiga taklif qilindi. Har ikki tadbir 25–27 noyabr kunlari boʻlib oʻtadi.




