Oʻzbekistonda piyoz nega qimmatlashdi
Qishloq xoʻjaligi vazirligi piyoz narxining oshishini boshqa hududlardan yetkazib berish, vositachilarning ustamalari va zaxiraga boʻlgan talab bilan izohladi. Tadbirkorlar spekulyatsiyaga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi haqida ogohlantirildi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlum qilishicha, hozir Surxondaryo viloyatiga piyoz Jizzax va Samarqand viloyatlaridan yetkazib berilmoqda: mahalliy hosil allaqachon yigʻib olingan. Bir kilogramm piyozni yetkazib berish tadbirkorlarga 350–370 soʻmga tushadi va bu yakuniy narxda aks etadi.
Surxondaryo bozorlarida bir kilogramm piyoz taxminan 4 000–4 500 soʻmdan sotilmoqda. Vazirlik narx oshishini mavsumiylik, yoqilgʻi va logistika xarajatlari, shuningdek, 25–50 foizgacha yetadigan vositachilar savdo ustamasi bilan ham bogʻlamoqda.
Shu bilan birga, 2026-yilda mamlakatda 1,5 mln tonna piyoz yetishtirish rejalashtirilmoqda — bu tibbiy meʼyorlar asosida hisoblangan ichki ehtiyojdan 35 foiz koʻp.
2026–2027-yillar qish-bahor mavsumiga hududlarda 102,8 ming tonna piyoz gʻamlash rejalashtirilmoqda. Zarurat tugʻilsa, jamlangan mahsulotni maxsus savdo shoxobchalari orqali pasaytirilgan narxlarda sotish mumkin boʻladi.
Vazirlik piyozni yanada qimmatlashishini kutib ushlab turgan tadbirkorlar va bozorning boshqa ishtirokchilarini ogohlantirdi. Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, mahsulot uzoq vaqt saqlanganda vazni va sifati yoʻqoladi, bu esa zarar koʻrishga olib kelishi mumkin.




