Ijarada yashaydigan talabalar xavfsizligi doimiy nazorat qilinadi
Kuz-qish mavsumida gaz, elektr va isitish uskunalaridan foydalanish boʻyicha xavflarni kamaytirish choralari belgilandi.

Gov.uz xabariga koʻra, yigʻilishda oliy taʼlim muassasalarida ijarada yashaydigan talabalar xavfsizligini tekshirish va natijalarni doimiy nazorat qilish belgilandi.
2026-yil 29-sentyabrdan 4-oktyabrgacha 48 ta oliy taʼlim tashkilotida 1 983 ta ijaradagi uy koʻzdan kechirilib, 3 250 talaba bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Tyutorlar har bir talabaning qayerda va qanday sharoitda yashashini bilishi, gaz, elektr, isitish uskunalari hamda yongʻin xavfsizligini tekshirishi kerak.
Talabalarga gaz sizishi, zaharlanish, tok urishi va yongʻin paytida nima qilish hamda tegishli xizmatlarga murojaat qilish tartibi tushuntiriladi. Nostandart isitish moslamalari, moʻrilar, shamollatish tizimlari va elektr jihozlari ham alohida tekshiriladi.


