Scout kelajakdagi yoʻltanlamas va pikaplari tafsilotlarini oshkor qildi
Volkswagen konserni tomonidan qayta tiklangan Amerikaning Scout Motors brendi yangi yoʻltanlamas va pikaplari bilan bozorga chiqishga tayyorlanmoqda.

The Drive nashriga bergan intervyusida kompaniya bosh direktori Skott Kio avtomobillarni ishlab chiqarish muddatlari, narxi va xususiyatlari haqida soʻzlab berdi.
Avtomobillarning boshlangʻich narxi taxminan 59 ming dollarni tashkil etadi. Yaxshi jihozlangan versiyalar xaridorlarga 80–90 ming dollarga tushishi mumkin. Ishlab chiqarishga birinchi boʻlib Traveler modeli — retro dizaynga ega yoʻltanlamas yoʻlga qoʻyiladi. Terra pikapi keyinroq paydo boʻladi, uning bozorga chiqishining aniq muddati hozircha eʼlon qilinmagan.
Asosiy versiya akkumulyatorni qayta zaryadlaydigan benzin dvigateliga ega gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi. Eʼlon qilingan yurish zaxirasi 800 km dan oshadi, shundan taxminan 240 km masofani avtomobil faqat elektr quvvati bilan bosib oʻta oladi. Toʻliq elektr modifikatsiyalar ham rejalashtirilgan.
Scout avtomobillarni xaridorlarga yetkazib berishni 2028 yilda boshlashni rejalashtirmoqda. Kompaniya allaqachon taxminan 212 mingta dastlabki band qilish buyurtmasini olgan, biroq bu hali haqiqiy sotuvlarni kafolatlamaydi.
Yangi modellarning qiziqarli jihatlaridan biri — Jeep Wranglerʼdagi kabi Traveler va Terraʼda yechib olinadigan eshiklar hamda tom boʻlmaydi. Rahbariyat kelajakda Scout kompaniyasining fond birjasiga chiqishi mumkinligini ham istisno qilmayapti, biroq hozircha aniq rejalar yoʻq.




