Markaziy bank kommunal tariflar oʻzgarishi jadvalini oldindan eʼlon qilishni taklif qildi
Oʻzbekiston Markaziy banki kommunal tariflar oʻzgarishi jadvalini bir necha yil oldindan eʼlon qilishni taklif qildi. Tashabbus 2027–2029-yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati loyihasiga kiritilgan, biroq hozircha tasdiqlanmagan.

Markaziy bankning fikricha, bunday jadval fuqarolar va korxonalarga xarajatlarni oldindan rejalashtirishga yordam beradi hamda kelajakdagi toʻlovlar bilan bogʻliq noaniqlikni kamaytiradi. Loyiha tariflarni oshirishning aniq miqdorlarini nazarda tutmaydi.
Markaziy bank bahosiga koʻra, 2026-yil oxirigacha suyultirilgan gaz, issiq suv va markaziy isitish tariflarining rejalashtirilgan oshirilishi inflyatsiyaga 0,8 foiz bandi qoʻshishi mumkin. Yil oxiridagi inflyatsiya prognozi 6,5 foizdan 7 foizgacha qayta koʻrib chiqildi, bazaviy inflyatsiya esa Markaziy bank bahosiga koʻra, taxminan 5,5 foizni tashkil etadi.
Sentabr oyida yillik inflyatsiya 6,4 foizga, oktabrda esa 6,5 foizga yetdi. Korxonalarning energiya resurslariga xarajatlari oshishi tovarlar va xizmatlar narxlariga taʼsir qilishi mumkin.
Markaziy bank tariflarning oʻzgarishi kommunal tarmoqlarni yangilash, yoʻqotishlarni kamaytirish va energiya taʼminoti ishonchliligini oshirish bilan birga amalga oshirilishi kerakligini taʼkidlamoqda.




