Toshkentda Markaziy Osiyo universitetlarining raqobatbardoshligi muhokama qilindi
28-oktabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. Unda 40 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar universitetlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, akademik mobillik, qoʻshma ilmiy loyihalar va taʼlimga sunʼiy intellektni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Qozogʻiston fan va oliy taʼlim vazirining oʻrinbosari Dinara Shcheglova Boloniya jarayoni tamoyillari asosida Markaziy Osiyoning yagona oliy taʼlim makonini yaratishni qoʻllab-quvvatladi.
Turkiya Oliy taʼlim kengashi prezidenti Erol Ozvar energetika, qishloq xoʻjaligi va suv xavfsizligi sohalarida qoʻshma tadqiqotlar muhimligini taʼkidladi.
Forumda, shuningdek, raqamli texnologiyalarni qoʻllash, oliy taʼlim muassasalarini akkreditatsiyadan oʻtkazish va taʼlim sifatini oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Ishtirokchilarga «Study in Uzbekistan» koʻrgazmasi taqdim etildi.



