Kapital bozori haqidagi yangi qonun loyihasi Toshkentda muhokama qilindi
Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishdan oʻtgan va ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi maʼlumotiga koʻra, 5 oktabr kuni Toshkentda kapital bozori haqidagi yangi qonun loyihasiga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati oʻtkazildi. Hujjat investorlar huquqlarini himoya qilish va bozor infratuzilmasi faoliyatini tartibga solish uchun yangi qoidalarni taklif etadi. Tadbir agentlik, Xalqaro moliya korporatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etildi.
Loyiha 16 bob va 123 moddani qamrab oladi. Unda derivativlar, jumladan optsion, svop va fyucherslardan foydalanish, shuningdek, qoplangan obligatsiyalar, sekʼyuritizatsiya qilingan obligatsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari obligatsiyalarini chiqarish uchun huquqiy asos yaratish taklif qilinmoqda. Islomiy moliyalashtirish doirasida sukuk chiqarish mexanizmlari ham belgilanadi.
Hujjatda kastodianlik faoliyatini alohida litsenziyalash, markaziy kontragent institutini joriy etish va Markaziy qimmatli qogʻozlar depozitariysi vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilgan. Shuningdek, jismoniy shaxslarni bilim va tajribasiga qarab malakali hamda malakasiz investorlar toifalariga ajratish taklif etilmoqda.

