Audible sunʼiy intellekt orqali ovozlashtirilgan audiokitob sharhlarini taqdim etuvchi Audio Discovery funksiyasini ishga tushirdi
Audible Audio Discovery — tinglovchilarga parcha, syujet sharhi va tinglovchilarning fikr-mulohazalari asosida keyingi audiokitobni tanlashga yordam beradigan sunʼiy intellekt funksiyasini taqdim etdi.

Yangi funksiya audiokitobdan olingan parchani uning mavzulari va tinglovchilar munosabati haqidagi qisqacha hikoya, shuningdek, muallif yoki Audible muharririning izohlari bilan birlashtiradi. Sharhni sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan servisning virtual ovozi oʻqib beradi. Mualliflarning izohlari Audible kompaniyasining avvalgi intervyulari yozuvlaridan olinadi.
Audio Discovery AQShdagi foydalanuvchilarga ingliz tilidagi ayrim audiokitoblar uchun bosqichma-bosqich taqdim etila boshlaydi. Sharhlar ochiq materiallar, jumladan, sinopsislar, metamaʼlumotlar va fikr-mulohazalar asosida tuziladi. Servis, shuningdek, tinglovchining didini hisobga olgan holda tayyorlangan shaxsiy tavsiyalar toʻplamlarini ham qoʻshadi.
Shu bilan birga, Audible Ask a Question va Recaps funksiyalarini ham kengaytirmoqda. Birinchi funksiya tinglashni toʻxtatmagan holda personajlar, syujet tafsilotlari va tarixiy ishoralar haqida savol berish imkonini beradi. Recaps esa foydalanuvchi toʻxtagan joygacha boʻlgan voqealar haqida spoylersiz qisqa audio-rezyume yaratadi.
Har ikki funksiya avval ayrim Audible Originals asarlari va jamoat mulkiga aylangan asarlarda beta-versiyada sinovdan oʻtkazilgan. Hozir ular AQShdagi qoʻshimcha audiokitoblarga ham kengaytirilmoqda, yanada kengroq ishga tushirish esa dekabrga rejalashtirilgan. Bu funksiyalardan faqat muayyan kitobni sotib olganlar yoki Audible obunasi doirasida unga ega boʻlish huquqiga ega tinglovchilar foydalana oladi.




