Tesla Cybercab uchun Germaniyadagi zavodini kengaytirishga 3 mlrd yevro investitsiya qiladi
Tesla 2029-yilgacha Berlin yaqinidagi Gryunhayde shahrida yiliga bir milliontagacha Cybercab ishlab chiqarishga qodir qoʻshimcha quvvatlarni yaratishni rejalashtirmoqda. Buning uchun kompaniya yondosh infratuzilmaga ega yangi ishlab chiqarish binosiga 3 mlrd yevro investitsiya qiladi.

2022-yil mart oyida ishga tushirilgan korxona hozir yiliga 375 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarishga qodir, holbuki uning loyihaviy quvvati 500 ming dona etib belgilangan. Ishlab chiqarishning barcha hajmi Model Y krossoveriga toʻgʻri keladi, zavodda 12 600 kishi ishlaydi. Eʼtiborlisi, Tesla dastlab korxonani avtomobil ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobidan emas, balki batareyalar va 4680 turidagi elementlar ishlab chiqarishini mahalliylashtirish maqsadida kengaytirmoqchi boʻlgan.
Investitsiyalarning yangi bosqichi aynan elektromobillar bilan bogʻliq. Kompaniyaning xorijiy OAV, jumladan Reuters uchun bergan bayonotida aytilishicha, oshirilgan quvvat rul va pedallarsiz, ikki oʻrinli Cybercab uchuvchisiz kupesini ishlab chiqarish uchun kerak. Yangi binoning qurilishi 2027-yilning birinchi yarmida boshlanishi, avtomobillar ishlab chiqarilishi esa 2029-yildan yoʻlga qoʻyilishi kerak. Tesla oʻn yillik oxiriga kelib Yevropada uchuvchisiz avtomobillar bozorida bum yuz berishiga umid qilmoqda: 2026-yil 13-noyabrda kompaniya AQShda hozircha tanlangan mijozlar uchun ochiq boʻlgan ushbu modelga buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Ilon Mask Cybercab Teslaʼning eng ommaviy modeliga aylanishiga ishonadi, biroq boshqaruv organlarisiz avtomobilni umumiy foydalanishdagi yoʻllarga chiqarishga ruxsat berish masalalari hozircha hal etilmagan.
Germaniya uchun bu xabar sanoatsizlashuv haqidagi gap-soʻzlar fonida optimizm uygʻotdi: Mercedes-Benz mamlakatdagi investitsiyalarni muzlatib qoʻydi va zavodlarni yopishga tayyorlanmoqda, Volkswagen, Stellantis, Ford, BMW Group, shuningdek Bosch, ZF, Continental va boshqa ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilar qisqartirishlar va zavodlarning yopilishi haqida eʼlon qildi.




