Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
RUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
MB kursiUSD 12 023,61EUR 13 236,79RUB 145,54Seshanba, 17-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Xitoyga chiplar eksportiga qoʻyiladigan cheklov AQSh mudofaa qonuniga kiritiladi

Payshanba kuni Nvidia bosh direktori lavozimini tark etgan Jensen Huang atrofidagi mojaro bu rejaga qoʻshimcha turtki berdi

14-noyabr, 16:46

AQSh Vakillar palatasi qoʻmitasi raisi Brayan Mast ilgʻor Amerika chiplarini Xitoyga eksport qilishga qoʻyilgan cheklovlar «katta ehtimol bilan» har yili qabul qilinadigan mudofaa qonuniga kiritilishini aytdi.

Mastning maʼlum qilishicha, AQShning yillik mudofaa qonuni paketiga ilgʻor chiplar eksportiga oid uchta qonun loyihasi kiritilishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, bunga Jensen Huang atrofidagi mojaro qoʻshimcha turtki bergan. Huang payshanba kuni oʻzining Xitoy uchun ishlaganlikda gumon qilinayotgan shaxs bilan nikohdan tashqari aloqasi boʻlgani haqidagi xabarlar paydo boʻlganidan soʻng Nvidia bosh direktori lavozimini tark etgan.

Qonun loyihalaridan biri — Chip Security Act — kontrabandadan himoyalanishni nazarda tutadi: ilgʻor chiplar joylashuvni tekshirish mexanizmlari bilan jihozlanishi kerak boʻladi. Boshqa hujjat chip ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyilgan cheklovlarni kuchaytiradi va boshqa davlatlarni ham shunga oʻxshash choralarni joriy etishga undaydi. Uchinchi loyiha Kongressga sunʼiy intellekt tizimlari uchun ilgʻor chiplar yetkazib berish litsenziyalarini tekshirish imkonini beradi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

AQSh prezidenti Donald Trump avval eksport cheklovlarini kuchaytirishga sovuqqon munosabatda boʻlgan va Nvidiaʼga Xitoyga yanada kuchli chiplarni sotish imkonini beruvchi bitimlarni maʼqullagan. Mast Savdo vaziri Govard Latnikka boʻlgan ishonchini saqlab qolayotganini aytdi, biroq Sanoat va xavfsizlik byurosida eksport nazoratiga masʼul Jeffri Kesslerga nisbatan ham shunday ishonchi borligini tasdiqlashdan bosh tortdi.

Qoʻmita raisi, shuningdek, Nvidia atrofidagi vaziyatda byuroning rolini tergov qilmoqchi. Mast Huang jamoasi bilan uning qonunchilar oldida nutq soʻzlashi boʻyicha muzokara olib bormoqda va kompaniyaning sobiq rahbarini bir hafta ichida koʻrishga umid qilmoqda. Muzokaralar toʻxtasa yoki vijdonan olib borilmayotgan boʻlsa, u chaqiruv qogʻozi yuborilishini istisno etmadi. Nvidia va Sanoat va xavfsizlik byurosi izoh soʻrab yuborilgan murojaatlarga javob bermadi.