Hindiston yangi yerlar ajratmasdan shamol elektr stansiyalari quvvatini 50 foizga oshirishni muhokama qilmoqda
Shamol turbinalari ishlab chiqaruvchilari eski qurilmalarni kuchliroq uskunalar bilan almashtirishni hukumat vakillari bilan muhokama qilmoqda

Hindistonlik shamol turbinalari ishlab chiqaruvchilari eski va samaradorligi past qurilmalarni yangilashni, ularning oʻrniga quvvati va samaradorligi yuqoriroq zamonaviy turbinalarni oʻrnatishni taklif qilmoqda. Reja shtatlar hukumatlari va federal hukumat bilan muhokama qilinmoqda.
Hindiston Shamol Turbinalari Ishlab Chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi bosh direktori Aditya Pyasining soʻzlariga koʻra, yangi qurilmalar umumiy quvvati 8 GVt boʻlgan eski turbinalarning oʻrnini bosishi mumkin. Assotsiatsiya hisob-kitoblariga koʻra, modernizatsiyadan soʻng ushbu maydonlardagi quvvat qariyb 50 foizga oshishi mumkin. Loyiha, shuningdek, shamol energetikasi uchun yangi yerlar sotib olish ehtiyojini kamaytirish imkonini beradi.
Hindiston ayni paytda shamol va quyosh elektr energiyasi ishlab chiqarishini jadal oshirmoqda, ularning mamlakat energiya taʼminotidagi ulushi tobora ortib bormoqda. Suzlon Energy kompaniyasining ijrochi vitse-raisi Girish Tanti Bloombergʻga bergan bayonotida 2030-yilgacha har yili ishga tushiriladigan shamol energetikasi quvvatlari taxminan 14 GVtgacha oshishi mumkinligini aytdi.
Mamlakat, shuningdek, 2030-yilgacha qazilma yoqilgʻidan foydalanmaydigan 500 GVt quvvat oʻrnatish maqsadiga intilmoqda. Avgust oyida yangi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari vaziri Prahlad Joshi Hindiston 300 GVtlik koʻrsatkichga erishganini maʼlum qildi.
Elektr tarmogʻidagi cheklovlar sabab foydalanilmay qolayotgan qayta tiklanuvchi energiya hajmini kamaytirish uchun hukumat davlat energetika kompaniyalarini energiyani saqlash quvvatlarini qoʻshishga majburlashni rejalashtirmoqda. Manbada turbinalarni modernizatsiya qilish qachon boshlanishi koʻrsatilmagan.




