Italiyaning Alpitronic kompaniyasi AQShda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari zavodini quradi
Italiyaning Alpitronic kompaniyasi Janubiy Karolina shtatida elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqaradigan korxona qurishga 33,94 mln dollar sarmoya kiritadi. Loyihada 70 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish esa 2027 yil fevralida kutilmoqda.

Yangi korxona Fort-Mill shahrida joylashadi. Majmuaning maydoni qariyb 16,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda HYC400 va HYC1000 tezkor quvvatlash stansiyalari yigʻiladi, shuningdek, sinov laboratoriyasi, taʼmirlash markazi, ombor va logistika majmuasi tashkil etiladi.
HYC400 quvvatlash qurilmalarining quvvati 400 kVtgacha yetadi. HYC1000 tizimi 1 MVt quvvatga ega kuch bloki bilan jihozlangan boʻlib, tegishli konfiguratsiyada bitta avtomobilga 600 kVtgacha quvvat uzata oladi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, binoni yaxshilash uchun 200 ming dollar York okrugining iqtisodiy rivojlanish mablagʻlaridan grant sifatida ajratiladi.
AQShda Alpitronic uskunalaridan foydalanadigan operatorlar qatoriga Ionna, Walmart, Mercedes-Benz va BP Pulse kiradi. Yangi zavod kompaniyaga Amerika bozoridagi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish hamda uskunalarni oʻz mijozlariga yaqinroq joyda ishlab chiqarish imkonini beradi.




