Toshkent va Ashxobod oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar tiklanishi mumkin
Oʻzbekiston va Turkmaniston Toshkent–Ashxobod muntazam reyslarini tiklash hamda chegara hududlari aholisi uchun uch kungacha vizasiz yurishni muhokama qilmoqda.

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev va Turkmaniston elchisi Shadurdi Meredov Toshkent — Ashxobod — Toshkent yoʻnalishida yoʻlovchi reyslarini tashkil etishni muhokama qildi. Parvozlarni yoʻlga qoʻyishning aniq muddatlari hozircha belgilanmagan. Tomonlar bu masala ustida tegishli idoralar bilan birgalikda ishlashda davom etadi, deya xabar berdi Oʻzbekiston TIV.
Diplomatlar chegara hududlari aholisi uchun uch sutkagacha vizasiz yurishni tiklash imkoniyatini ham koʻrib chiqdi. Bunday imkoniyat 2004 yilda tuzilgan hukumatlararo bitimda nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, uchrashuvda xalqaro yuk tashuvlarini soddalashtirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish va chegara oʻtkazish punktlari faoliyatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Konsullik sohasida tomonlar fuqarolar huquqlarini himoya qilish hamda davlat organlari oʻrtasida axborot almashish masalalariga toʻxtaldi.




