Parkentgacha temiryoʻl qurilishi 535 mlrd soʻmga tushdi
20 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Parkent tumaniga elektropoyezdda bordi. Liniya qurilishi 535,4 mlrd soʻmga tushdi.

Yangi elektrlashtirilgan Baytqoʻrgʻon — Parkent temiryoʻl liniyasi poytaxtni tuman bilan bogʻladi. Unda stansiya, uchta koʻprik, avtomobil yoʻl oʻtkazgichi, 77 ta suv oʻtkazish inshooti va 16 ta temiryoʻl kesishmasi qurildi. Loyiha kontakt tarmogʻi va elektr uzatish liniyasini ham oʻz ichiga oldi, natijada 40 ta ish oʻrni yaratildi.
Sentyabrdan beri Toshkent — Parkent yoʻnalishida olti vagonli «EP3D» elektropoyezdi qatnamoqda. 124 mlrd soʻmlik poyezd 586 yoʻlovchiga moʻljallangan va soatiga 120 kmgacha tezlikda harakatlanadi. Poyezd masofani 1 soat 13 daqiqada bosib oʻtadi. Yoʻl haqi 10 ming soʻm boʻlib, taksida safar qilishning oʻrtacha narxidan 2,5 baravar arzon.
Yoʻnalish kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yoʻlovchi tashishga moʻljallangan. Poyezdda iqlim nazorati, USB portlari, bepul Wi-Fi, velosipedlar uchun mahkamlagichlar, koʻtargichlar va nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar uchun moslashtirilgan joylar mavjud. Shuningdek, videokuzatuv hamda toʻqnashuv paytida zarbani yutish tizimlari koʻzda tutilgan.




