Lamborghini buklanadigan qattiq tomli Temerario Spyder modelini taqdim etdi
Lamborghini maksimal tezligi 343 km/soat boʻlgan yangi Temerario Spyder superkarini taqdim etdi. AQShda yetkazib berishlar 2027 yilning birinchi yarmida kutilmoqda.

Italiyaning Lamborghini kompaniyasi Temerario superkarining ochiq kuzovli versiyasi — Spyder modelini taqdim etdi. Yangilikning asosiy xususiyati — elektr yuritmasiga ega buklanadigan qattiq tom boʻlib, u brend kabrioletlarida ilk bor qoʻllanmoqda. Tom atigi 17 soniyada oʻrindiqlar ortiga yigʻiladi, mexanizmni esa avtomobil 50 km/soatgacha tezlikda harakatlanayotganda ham boshqarish mumkin.
Avtomobil gibrid qurilma bilan jihozlangan: 4 litr hajmli, ikkita turbinali V8 benzin dvigateli uchta elektr motori bilan birgalikda ishlaydi. Ularning umumiy quvvati 920 ot kuchiga yetadi. Superkar joyidan 100 km/soat tezlikka 2,8 soniyada chiqadi, uning maksimal tezligi esa 343 km/soatni tashkil etadi.
Yoʻlovchilar qulayligi uchun sozlanadigan orqa oyna va boʻyin atrofini isitish tizimi koʻzda tutilgan. Shuningdek, xaridorlarga avtomobil tashqi koʻrinishi va salonini individual sozlash uchun keng imkoniyatlar taklif etiladi.
Model savdolari 2027 yilda boshlanishi kutilmoqda. AQShga ilk yetkazib berishlar yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan.




