Olimlar 1000 marta bukilgandan keyin ham ishlashda davom etadigan batareya yaratdi
KAIST tadqiqotchilari litiy-oltingugurtli akkumulyator uchun egiluvchan elektrod ishlab chiqdi: elektrod 2,5 mm radiusda 1000 marta bukilgach ham yaxlitligini saqlab qoldi.

Elektrodning asosini uglerod mato ustida oʻstirilgan nikel-kobalt selenididan yasalgan nanosimlar tashkil etdi. Ular oltingugurtning elektr oʻtkazuvchanligini oshiradi va zaryadlash hamda zaryadsizlantirish jarayonida batareya xususiyatlarini yomonlashtirishi mumkin boʻlgan litiy polisulfidlarini ushlab turishga yordam beradi.
Olimlar akkumulyatorni pouch cell korpusiga joylashtirib, uni oval va kvadrat shakldagi konstruksiyalarga, shuningdek, dronning qoʻnish tayanchi maketiga oʻrnatdi. Barcha holatlarda batareya yorugʻlik diodini quvvatlantirdi.
Alohida sinovda akkumulyatorni oʻrab turgan silindrsimon konstruksiya yuklama ostida buzildi, biroq batareya dastlabki kuchlanishining 99,8 foizini saqlab qoldi, yorugʻlik diodi esa miltillamasdan ishlashda davom etdi. Kelajakda dronlar va robotlar korpusining elementlari bir vaqtning oʻzida ham yuk koʻtaruvchi vazifani bajarishi, ham energiya toʻplashi mumkin boʻladi.




