Bred Pitt va Anjelina Joli ayrilganidan 10 yil oʻtib nizoni hal qildi
Bred Pitt va Anjelina Joli Château Miraval boʻyicha nizoni suddan tashqari hal qildi. Ularning vakillari qaror oila manfaatlarini koʻzlab qabul qilinganini aytdi, biroq kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmadi, deb yozadi Hello! Magazine.

Nizo Joli Fransiyadagi vinochilik xoʻjaligidagi ulushini Stoli Group kompaniyasiga qarashli Tenute del Mondo kompaniyasiga sotganidan keyin yuzaga kelgan. Pitt 2022 yilda sudga murojaat qilib, sobiq turmush oʻrtoqlar oʻz ulushlarini bir-birining roziligisiz sotmaslikka kelishib olganini aytdi. Joli esa uning roziligini olish zarurligiga eʼtiroz bildirdi.
Juftlik 2008 yilda Fransiyaning janubida joylashgan, maydoni 1 200 akr boʻlgan mulkni sotib olgan. 2014 yil avgustida ularning toʻyi shu yerda boʻlib oʻtgan. Kelishuv tuzilgach, Pitt va Jolining bir-biriga nisbatan daʼvolari hal qilindi, biroq uning biznesmen Yuriy Shefler va uning kompaniyasiga qarshi alohida daʼvosi davom etmoqda.
Sud muhokamasi davomida Joli advokatlari uning ulushini Pittga sotish boʻyicha muzokaralar oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi kelishuv loyihasi sabab barbod boʻlganini taʼkidladi. Ularning soʻzlariga koʻra, hujjat Jolining zoʻravonlik haqidagi ayblovlar toʻgʻrisida ommaviy ravishda gapirish imkoniyatini cheklashi mumkin edi. Joli, shuningdek, Pitt 2016 yil sentyabrida shaxsiy parvoz vaqtida unga va bolalariga nisbatan jismoniy hamda ogʻzaki zoʻravonlik qilganini aytgan. Pitt bu ayblovlarni inkor etdi. Rasmiylar hodisani tergov qilgan, biroq unga nisbatan jinoiy ayblovlar ilgari surilmagan. Juftlikning ajrashuvi 2024 yil dekabrida rasmiylashtirilgan, vinochilik xoʻjaligi boʻyicha nizo esa alohida davom etgan.




