Tidal sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqani butunlay taqiqlaydi
Musiqiy striming xizmati Tidal 9-dekabrdan boshlab toʻliq sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan treklarni katalogidan oʻchira boshlaydi. Platforma hisob-kitobiga koʻra, bu taxminan 29 mln ta yozuvga taʼsir qiladi, deb yozadi Engadget.

Xizmat, shuningdek, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan har kuni 80 000 dan 85 000 tagacha yangi qoʻshiqni qabul qilmaslikni rejalashtirmoqda. Platforma rahbari Robert Andersonning aytishicha, bunday kompozitsiyalarning 96 foizi biror marta ham tinglanmaydi.
Avvalroq Tidal sunʼiy intellekt tomonidan toʻliq yaratilgan treklarni monetizatsiyadan mahrum qilgan va ularni sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan yoki toʻldirilgan deb belgilagan edi. Andersonning soʻzlariga koʻra, bu chora yetarli boʻlmagan: soʻnggi 90 kun ichida xizmatga yuklangan barcha treklarning 43 foizi sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan deb aniqlangan.
Agar bu qaror amalga oshirilsa, Tidal bunday musiqani katalogidan butunlay oʻchiradigan birinchi striming platformasiga aylanadi. Manba toʻliq yoki katta qismi sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqani taqiqlaydigan yagona boshqa xizmat sifatida Bandcampʼni tilga oladi.
Boshqa platformalar esa oʻzga choralarni tanlagan. Spotify tavsiyalardan «chiqindi» va spamni oʻchiradi, biroq ayni paytda sunʼiy intellekt yordamida remikslar va kaver versiyalarini yaratishga ruxsat beradi. Deezer sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan musiqani yashirish imkonini beradi, Apple Music esa bunday qoʻshiqlarni faqat belgilab qoʻyadi.




